|
Qish bilan
bahor jangi – ayamajuz kechalaridan birida men sizlarga Amir
Temur haqidagi afsonalarning birini hikoya qilib berish uchun
qo‘limga qalam oldim.
Bu afsonani to‘qiganlar unga qanday
nom berganlaridan bexabarman, men uni “Amir Temur o‘g‘lining
o‘limi” deb atadim. Menga uni bir do‘stim gapirib bergan edi, do‘stimning
aytishicha, bu qadim afsonani u talabalar shaharchasida yashagan
afg‘onlardan eshitgan ekan.
Afsonani hikoya qilib berishdan
avval, ikki narsa haqida biroz bo‘lsa-da, to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Eng avvalo, “afsona o‘zi nima?”, degan savolga javob izlamoqchiman.
Odatimni kanda qilmagan tarzda, o‘zining nomukammalligi bilan
mashhur “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga qarayman. Mana,
lug‘atning 1 jild 63-betidagi “Afsona” so‘ziga yozilgan izoh. “1.
Avloddan avlodga, og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan fantastik, ba’zan
diniy mazmundagi hikoya, rivoyat, doston… 2. Ko‘chma: asossiz gap,
yolg‘on-yashiq uydirma… 3. Ko‘chma: aql bovar qilmaydigan, aqlga
sig‘maydigan mislsiz narsa, ish”.
“«Afsonaviy” so‘ziga oid izoh:
“1. Afsona janriga mansub bo‘lgan, fantastik. 2. Faqat afsonalarda
mavjud bo‘lgan, odatda yo‘q, xayoliy. 3. Ko‘chma: Uydirma, to‘qima.
4. Ko‘chma: Aql bovar qilmaydigan, aqlga sig‘maydigan, misli
ko‘rilmagan, mislsiz».
Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz,
bu izohlarga “uydirma” so‘zi asos qilib olingan. Aslida, shundaymikan?
Bir o‘ris shoiri “Afsona – bu haqiqatning siniq parchalaridir” deb
yozgan edi. Agar, “afsona” so‘ziga izoh bering desalar, men mana
shu so‘zni takrorlagan bo‘lardim. Zero, har qanday xayoliy yoki
to‘qima afsona ham aslida sodir bo‘lgani aniq, ma’lum bir
tarixiy shaxs hayoti bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Bobil minorasining
qurilishi, Nuh to‘foni yoki Samarqanddagi Shohizinda mozori bilan
bog‘liq afsona bo‘lsin, ularning har birining asosida tarixiy dalil
- haqiqat yotgan bo‘ladi. Shuning uchun ham juda ko‘p qadimiy
bitiklarimiz quyidagi jumla bilan boshlangan: “Bul hikoyat agarchi
afsona tusida ersa-da, ul haqiqatdan yiroq emasdur”.
Ingliz adibi Chesterton bitganidek,
afsona har qanday dalildan ham tarixiyroqdir. Dalil yolg’iz bir
odam haqida so‘z yuritsa, yoki u odamlar qatnashgan voqea
haqida ma’lumot bersa, afsona yuzlab va millionlab odamlar taqdiri
haqida, voqeani yuzaga chiqargan odamlar haqida hikoya qiladi. Dalil
ba’zan zamon almashishi bilan o‘z mohiyatini, o‘z rangini o‘zgartirishi
mumkin, ammo afsona abadiy o‘zgarmas haqiqatdir. Tarix faqat xalq
xotirasi ramzi bo‘lmish asotirlar (afsona va rivoyatlar) yordamidagina
moziy mohiyatini, demak uning yuragini kashf eta oladi. Xotirasiz
inson yuragi ham quruq hujjatlar yig‘indisidan farq qilmaydi. Tarix
vaqt haqida emas, vaqt mobaynida yashagan inson haqida hikoya qilmog‘i
zarur. Demak, u vaqt hujjatlariga emas, inson xotirasiga suyangandagina
haqiqatni ochadi. Inson xotirasi afsonalarga hamnafas bo‘lgandagina
tirikdir. Faqat shundagina tarixiy dalil tiriladi. Afsona bilan
hujjat (dalil)ning o‘zaro bog‘lanishi aslida inson bilan vaqt bog‘lanishidir.
Tarix, deb yozadi Nikolay Berdyayev, tom ma’nodagi afsonadir…
To‘xtalmoqchi bo‘lgan ikkinchi
masala men sizga so‘zlab bermoqchi bo‘lgan rivoyat Amir Temur hayotining
qaysi to‘xtamida bo‘lib o‘tgan voqealar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin
degan savolni oydinlashtirishdir. Tarixiy bitiklarning guvohlik
berishicha, Amir Temurning to‘rt o‘g‘li bo‘lib, ularning ismlari:
Jahongir mirzo (1356-1376), Umarshayx mirzo (1356-1394), Amironshoh
(Mironshoh) mirzo (1367-1408), Shohruh mirzo (1377-1447) bo‘lgan.
Yana shu narsa ma’lumki, ulug‘ Sohibqiron tiriklik paytida, u olib
borgan jangu jadalda uning yolg‘iz bir farzandi – Umarshayx mirzo
1394 yilning qishida Shom urushi paytida, Xarmatu qal’asi ostonasida
– tor bir darada o‘q tegib halok bo‘lgani haqida tarixiy dalil
bor. To‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lmish Jahongir mirzo o‘z ajali bilan
20 yoshida olamdan o‘tgan. Amir Temur vafotidan so‘ng uch
yil o‘tgach, 1408 yilning ko‘klamida uning o‘rtancha o‘g‘li Mironshoh
mirzo Qora Yusuf turkman bilan bo‘lgan janglarning birida, Tabriz
yaqinida o‘ldirilgan.
Xo‘sh, Amir Temur o‘g‘lining o‘limi bilan
bog‘liq afsona qaysi voqealar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Agar
uni Umarshayx mirzo o‘limi bilan bog‘laydigan bo‘lsak, bu afsonani
dalili bo‘ladigan voqealarni Shom yurishi bayonidan topolmadim.
O‘ylashimcha, bu afsonani afg‘onlar orasida mavjud bo‘lishi bois,
u Amir Temurning Hindistonga qilgan yurishi davomida ro‘y
bergan voqealardan tug‘ilgan bo‘lishi kerak. Oxir-oqibatda uzoq
izlanishdan so‘ng “Temur tuzuklari”da bu afsonaga bevosita bog‘liq
ma’lumotlarni topishga muvaffaq bo‘ldim. Biroq, ularni so‘zlab berishdan
avval men Hindiston yurishi qanday boshlanganini muxtasar bo‘lsa-da,
hikoya qilmoqchiman.
Hijriy sakkiz yuzinchi, melodiy 1398
yilning bahorida Amir Temur yangi bog‘i – Dilkushoda mislsiz
tantanalar bilan Xizrxo‘jaxonning qizi o‘n ikki yashsar To‘kalxonimni
o‘z nikohiga qabul qildi. To‘y o‘choqlaridagi kul sovib ulgurmay,
uning amri bilan Samarqand va Kesh oralig‘ida joylashgan Taxti Qoracha
davoni osha o‘tadigan yo‘lni tuzatish va tog‘ etagida yana bir g‘aroyib
bir bog‘ bunyod etish ishlari boshlandi. Sohibqironning o‘zi bo‘lsa
Keshga yaqin bir o‘langda qurultoy chaqirdi. Maqsadi azaliy orzusi:
Hindiston yurishi maslahatini o‘rtaga solish edi.
Saltanatning muhim tadbirlari, bo‘lajak
harbiy yurishlar rejalari muhokama etiladigan qurultoy Amir Temur
davlatining oliy kengashi edi. Shu bilan birga qurultoy mamlakatning
bosh tantanasi bo‘lib, Sohibqiron qo‘li ostida birlashgan o‘lkalarni
boshqarish bilan band amirzodalar va boshqa davlati arkonlar uchun
xuddi jang maydoni bilan baravar, hatto undan yuqori turadigan o‘ziga
xos sinov maydoni ham edi. Agar jang maydonida dilovarlik sinalsa,
bu kengashda farosat va tadbirkorlik sinovdan o‘tardi. Bu sababdan
bo‘lsa kerak, jang maydonida qo‘rquv nimaligini bilmagan ayrim amirlar
va amirzodalar qurultoy chaqirilganda sarosimaga tushib qolishar,
unda qaysi bir tadbir o‘rtada muhokama bo‘lishini bilish uchun bor
vositalarni ishga solardilar. Illo, jahongir jang maydonida qilich
chopqilashdagi mohirlikni, qurultoyda esa o‘ylab aytilgan so‘zni
ma’qul ko‘rar, kim aravani quruq olib qochsa, mashvaratdan quvib
chiqarishdan ham qaytmasdi. Ammo bu galgi qurultoy qay maqsadda
chaqirilayotgani hech kimga sir emasdi.
Har galgidek qurultoy
ko‘pchilik uchun qurilgan ulkan chodirda o‘tdi. Amir Temur odatdagi
rasm-rusmlar ado etilishi bilan, gapni cho‘zib o‘tirmay, Hindiston
yurishi oldidan o‘g‘illari va amirlarning ko‘ngli, o‘y-fikrlarini
bilish maqsadida ularni maslahatga chaqirganini aytdi. Turkiy sulolalarning
azaliy tartibi va mukarram dasturi shunday edikim, katta og‘alari
va xeshlar hayot ekan, hech kim ulardan o‘tib saltanat taxtiga qadam
qo‘yolmasdi. Mana shu bobolar odatiga binoan qurultoydayam yoshi
ulug‘ shahzodalar birinchi fikr bildirish huquqiga ega edilar. Shuning
uchun ham davrada Sohibqironning kenja o‘g‘li Shohruh mirzo o‘tirgan
bo‘lsa ham, birinchi so‘zlash undan yosh jihatdan ulug‘ Muhammad
Sulton bilan Pirmuhammad Jahongir ixtiyorida edi. Pirmuhammad Jahongir
bobosiga bir qarab oldi-da, uning “Xo‘sh” degandek sinchkov
tikilid turganini ko‘rib gap boshladi:
- Hazrati Sohibqiron,
Hindistonni olmoq yer yuzida o‘tgan barcha podcholarning orzusi
bo‘lmish. Agar ani zabt etsak, aning oltinlari ila yetti iqlimni
olajakmiz. Men yurishga tayyordurmen.
Tug‘ishgan birodarining
bu gapini eshitib amirzoda Muhammad Sulton ham o‘rnidan turdi. U
inisidan bir yosh ulug‘ bo‘lsa-da, qotmadan kelganligi sababli undan
ancha yosh ko‘rinar, buni bilgan amirzoda ko‘proq ovoziga zo‘r berib,
kattalarga xos mulohaza istagida har bir so‘zga alohida urg‘u berib
gapirish lozim, deb o‘ylardi. Amir Temur og‘a-ini o‘rtasidagi bahsni
maroq bilan kuzatar va bevaqt shahid bo‘lgan o‘g‘liga ko‘rsatolmagan
mehr-marhamatini ulardan ayamasdi.
- Olampanoh, -
deya ulug‘vorlik ila so‘z boshladi Muhammad Sulton, - inim Pirmuhammad
Jahongir aytgani rostdur. Hind mulki bag‘oyat boy yurt. Ammo, siz
bergan saboq hamisha yodimda. Ya’nikim har bir ishni qilishdan avval
uning amalini o‘ylash joizdur. Kitoblardan ma’lumdirkim, Hindiston
yo‘li ko‘p mashaqqatlidur. Eng avvalo, bir necha qor bosib yotgan
tog‘laru kechib o‘tish mushkul daryolar, undan keyin cheki yo‘q
o‘rmonu to‘qayzorlar bordur. Ikkilamchi, maqsadga yetguncha bebosh
afg‘onlar bilan jang qilish ham zarur bo‘lg‘ay. Yana kitoblarda
aytilmishkim, Hindistonda odamxo‘r fillar ham juda ko‘p bo‘larmish…
Amir Temur inisinng
mulohazalarini eshitgan Pirmuhammad Jahongir bezovtalana boshlaganini
sezdi. Ammo buni bildirmay, nabirasining mulohazasi qanday taklif
bilan tugashini kutdi. Qurultoy rasm-rusmi har bir so‘zni e’tibor
bilan eshitish lozimligini talab qilardi. Xo‘sh, qani, to‘ng‘ich
nabirasi nima demoqchi ekan, shuni bilsinchi. Ammo Muhammad Sulton
ham inisining ahvolini sezgan bo‘lsa kerak, odatiga xilof ravishda
shoshib so‘zini yakunladi:
-
Bu mulohazalarim ila Hindiston yurishiga
puxta tayyorgarlik ko‘rish lozim demoqchiman. Men urushga shaymen.
– U so‘zini tugatib, inisining yonidan joy olarkan, uning yuzidagi
mamnuniyatni sezib, ko‘ngli joyiga tushdi.
Shundan so‘ng sohibqironga
qizidan tug‘ilgan nabira bo‘lmish amirzoda Sulton Husayn navbat
oldi. Amir Temur qizi Og‘abegim va malika Tuman og‘oning
birodari amir Muhammad ibn Musodan bo‘lmish bu amirzoda bag‘oyat
mard, ammo beoqibat bo‘lib voyaga yetganini yaxshi bilsa-da, har
gal qizining so‘zini qaytarolmay, bu badbaxt yigitning gunohidan
o‘tib kelardi. O‘z o‘g‘illari va ularning farzandlariga
bag‘oyat qattiq turgan Sonibqiron bu hovliqma amirzodani jazosiz
qoldirib kelayotganini hamma bilar, ammo sababidan bexabar
edilar. Nahotki, qizdan tug‘ilgan nabira o‘g‘illardan suyukliroq
bo‘lsa? Amir Temurning bu nabirasiga loqaydligini uning qiziga
ko‘rsatgan karami bo‘lmay, balki Sulton Husaynning saltanat
taxtiga o‘tirishga loyiq bo‘lmaganlar toifasiga kirishidan edi.
- Hazrat Sohibqiron,
- dedi tantanavor ohangda Sulton Husayn. – Agar biz Hindistonni
ilgimizga kirita olsak, to‘rt iqlimga – Turkistonu Turon,
Eronu Hindga hukmron bo‘lurmiz. Qolg‘on uch iqlim: Rum, Shom, Chinni
esa olmoq qiyin emasdur, albat olg‘aymiz.
Sulton Husayn sanab
o‘tgan iqlimlarni xuddi o‘zi oladigandek, allaqanday ichki kibr
bilan davradagilarga ko‘z tashlab, o‘rnini egalladi. Bobosi vafotidan
so‘ng mana shu kibr uning boshiga ko‘p g‘avg‘olar solishidan u hali
bexabar edi.
Amir Temur so‘z
navbatini olgan kenja o‘g‘li Shohruh mirzoga diqqat bilan tikildi.
Bu farzandi boshqa zuryodlariga qaraganda, kitobga o‘ch chiqdi.
Unga kitob bo‘lsa bas, qilich chopqilashni unutadi. Ammo kitobxonligidanmi,
so‘zi, mulohazalari pishiq, o‘zi ham ko‘pni ko‘rgan qariyadek
bosiq edi. Aytadiganini puxtalab olmasa, og‘iz ochmasdi.
- Padari buzruk,
hazrati Sohibqiron, - deya gap boshladi Shohruh mirzo shoshmasdan.
Uning hatto gapirayotgan paytidayam nimalarnidir o‘ylayotganini
sezib Amir Temurning g‘ashi keldi. – Men ajdodlarimiz bo‘lmish
turklarning qonunlari bitilgan kitoblarda o‘qigan edimki, jahonda
beshta shon-shavkatli podshoh bo‘larkan. Rivoyat qilg‘aylarkim,
bu podshohlarning ulug‘ligini alohida ta’kidlab, ularning nomlarini
atamay, laqablarini olib aytg‘onlar. Ya’nikim Hind podshosini –
roy, Rum podshosini – qaysar, Chunu Mochin podshosini - fag’fur,
Turkiston podshosini – hoqon, Eronu Turon podshosini – shahonshoh
ataydilar. Biz hukm yurgizgan yurt hukmdori, ya’nikim shahonshoh
hukmi hamisha Hindiston mamlakatlariga joriy etilmish. Tokim
Eronzaminu Turonzamin bizning ilkimizda ekan, Hindistonni ham o‘zimizga
tobe etmog‘imiz joizdur…
Amir Temur kenja
o‘g‘lining so‘zlarini tinglar ekan, bir zum so‘nggi paytlarda yuragini
tunu kun bezovta qilgan valiahd tashvishiga berildi. To‘rt o‘g‘lidan
ikkisi bevaqt ko‘z yumdi. Shohruh bunaqa, Mironshoh bo‘lsa, o‘ylamay
ish qiladiganlar toifasidan. Mast bo‘lib, otdan yiqilib kallasi
lat yegandan buyon uning betayin qilmishlari yana oshdi. Suyukli
kelini Xonzodabegim yaqinda erining zulmidan dod urib, unga bosh
urib keldi. Mironshohning valiahd bo’lishi mamlakatni vayron
bo‘lishi demakdir. Bunga esa aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Nobakor
o‘g‘ilni jazolashni ko‘ngliga tuggan sohibqiron bu tadbirni Hindiston
yurishidan keyinga qoldirishga majbur edi.
Amir Temur sekin
Pirmuhammad Jahongirga ko‘z qirini tashladi. Ha, bu nabirasi havas
qilgulik bahodir bo‘ldi. O‘ziyam quyib qo‘ygandek bobosining o‘zi:
qaddi qomati barvasta, yelkador, boshiyam bobosinikidek, humdek
keladi. Qoshi-chi, qoshi? Ariq chetidagi ajriqdek qalin, ko‘zlari
qilich damidek tovlanadi. Fe’l-atvoriyam, bobosiniki, na yog‘iydan,
na o‘limdan qo‘rqadi. “Yopiray, - derdi ba’zan kamdan-kam hayratlanadigan
sohibqiron. – Meni tirikligimda Alloh taolo yana qaytadan yaratdimi?!
Nabirasining yolg‘iz bir xislati unga ma’qul kelmasdi. Ko‘pchilik
boshini qovushtirishni bilmaydi. Mardlik odamlar dilini maftun etsa,
oqibatbardorlik, farosat yuraklarni abadiy bandi etishini hali anglamaydi.
Amir Temur o‘g‘li
Shohruh mirzodan keyin o‘z mulohazasini aytishga biron bir amir
shoshilmayotganini ko’rib, hushyor tortdi. Sukut cho‘zilganidan
toqatsizlanib:
- Xo‘sh, - dedi
u baland ovoz bilan.
Ammo amirlar jim
o‘tiraverdilar. Sohibqiron jahli chiqsayam, ichidagini yuziga chiqarmadi.
Indamay kutishni ma’qul ko‘rdi. Bu baxtuchopganlar uning necha
yildan buyon Hind mulkini zabt etish haqida orzu qilishidan yazshi
xabardor. Nahotki, bilib ham bilmaslikka olsalar, jim o‘tirishni
ma’qul ko‘rsalar? U o‘zining deyarli barcha yurishlarida qatnashgan,
sadoqatlarini necha marta jangu jadalda namoyish etgan amirlarga
bir-bir tikilar, amirlar esa unga bosh ko‘tarib qarashga majol topolmasdilar.
Oxiri u amir Shohmalikka qattiq tikilib turaverdi. Uning bu boqishini
tuygan amir sekin bjshini ko‘tarishga majbur bo‘ldi.
- Taqsirimning
so‘zlari yo‘qmi? – dedi sohibqiron bo‘g‘iq ovoz bilan.
Amir Shohmalik
o‘rnidan turishga majbur bo‘ldi. Amir Temur unga: “O‘tirib gapiraver”
deb ishora qilgach, o‘rnini egalladi. Biroz taraddudlanib, keyin
ohista arz qildi:
- A’lohazrat, sizning
amringiz biz uchun vojibdur, undan yuz o‘girish tuzingizni unutmoqdur.
Biz bu tadbir xayolini dillarimizdan, bamisli javohir tuynuklaridan
o‘tgan ipdek shoshilmay o‘tkardik, - u biz deganda amirlar Xoja
Yusuf, Saribug‘o, Shayx Nuriddinlarga ishora qildi. – Boringki,
Hindistonni oldik ham deylik. Biroq, u mulkda turg‘un bo‘lib qolsak
naslimiz yo‘qolmagaymu, avlodlarimiz o‘z aslidan ayri tushmagaymu,
begona yurtda tillarini unutmagaymu?..
- Taqsir, - deb
ning gapini bo‘ldi Amir Temur xotirjam. – Biz ul-mulkda uzoq qolishni
o‘ylaganimiz yo‘q. Qolaversa, shuni yodda tutingkim, dilda e’tiqod
butun bo‘lsa, aslo naslimiz yo‘qolmagay, tilimiz unutilmag‘ay… E’tiqod
susaysa, til emas, imon ham unutilg‘ay…
U xoturjam gapirar,
ammo qoshining yig‘ilib turishi, ko‘zidagi o‘tning yanada
kuchliroq tovlana boshlaganini payqagan amirlar Sohibqiron
ichida qanday kuchli to‘fon o‘ynayotganini sezib turishardi.
- Ko‘pchilikda
shubha bo‘lsa, yo‘lga chiqmagan ma’qul. Shubha nafaqat aqlni, u
dildagi o‘tniyam o‘chiradi. Kelingiz, Tangri taologa murojaat qilaylik.
Hind mulkiga yurish borasida istixora etaylik – Amir Temur yonida
turgan Qur’onni qo‘liga oldi. – Tangri taolo neni buyursa,
shunga amal qilg‘aymiz.
Davradagilar o‘sha
zahot uning taklifini ma’qullab ovoz berdilar. Sohibqiron Qur’oni
karimni oldidagi shira ustiga qo‘ydi, chuqur nafas olib, biroz sukut
saqladi-da, ko‘zini yumib kitobni ochdi. U avval ochilgan
sahifadagi oyatni ichida o‘qidi, so‘ng baland ovozda takrorladi:
- “Ey,
Rasululloh, kofirlarga va munofiqlarga qarshi jahl qilg‘il”.
Amir Temur bir chetda turgan mavlono Faxriddin qoriga tikildi. Mavlono
Sohibqiron istagini uqdi, ohista o‘rnidan turib oyat mazmunini izohlab
berdi. Amirlar mavlononing izohini eshitgach, boshlarini egib, jimib
qoldilar.
-
Xo‘sh, - dedi Amir Temur.
Ammo bu gal ham amirlar o‘z fikrlarini aytishga shoshilmsdilsr.
Buni ko‘rgan sohibqiron jahlini yashirolmadi.
- Taqsirlarim,
nechun jimsiz? Yo Alloh taolo hukmi sizga hush kelmadimi?..
Men sizni saltanatim ustunlari deb bildim, hamisha izzatingizni
unutmadim. Siz esa unutdingiz… Sababi nedir? Siz bilmasangiz, men
yaxshi bilurman. Turgan suv sasiydi, yurgan odam yasharadi. Agar
siz toliqqan bo‘lsangiz, ilgingizda mador qolmog‘on bo‘lsa, lashkarni
topshiring. Necha-necha bo‘z yigitlar bizgayam navbat yetadimu,
deb kutib turg‘aylar. Alloh guvoh Hindistonni siz emas, shul o‘g‘lonlar
albat zabt etg‘ay…
Sohibqironning
vajohatini ko‘rib, ayniqsa, uning so‘nggi so‘zlarini eshitgan
amirlar birin-ketin o‘rinlaridan turib avf tiladilar. Amir Temur
ularning so‘zini xotirjam eshitib dedi:
- Siz ila ne-ne
jangu jadallarda bo‘ldim. Siz menga, men esa sizga suyandim… Har
qancha yuragimni qon qildingiz , avf etdim. Butun boringg‘iz, ertagacha
o‘ylang‘iz…
Ertasi davom
etgan qurultoy ahli bir ovozda bo‘lajak yurish rejasini ma’qulladilar.
Dili ravshan tortgan Amir Temur qo‘l ko‘tarib, zafaru fath fotihasini
o‘qidi.
Qurultoydan yarim
oy o‘tar-o‘tmas, Sohibqiron boshchiligidagi ulkan qo‘shin Qashqadaryo
vohasini tark etib, Termizga yaqin yerda Jayhundan kechib, Xuroson
hududiga o‘tdi.
U butun yoz davomida
Andarob degan joyda bo‘ldi. Sakkiz yuzinchi yil zulhijja oyining
boshida – 1398 yilning avgustida Amir Temur Panjshir daryosi yoqalab
Qobulga qarab yo‘naldi. Shu terda unga bo‘lajak yurishda omad tilagan
Oltin O‘rda elchilarini qabul qildi. Elchilar bir necha muddat o‘tib
qaytishga ruxsat so‘ragandan keyin, ularning karvonini qo‘riqlash
uchun bir guruh askar ajratdi. U bu ishni elchilarni o‘ylab emas,
shu karvon bilan dorilmulkka qaytish lozim topilgan Saroymulkxonim
bilan Shohruh mirzoning o‘g‘li, to‘rt yashar nabirasi Muhammad Tarag‘ay
xavfsizligini ta’minlash uchun qilgan edi.
Bundan o‘n yetti
yil avval qo‘lga kiritilgan Xuroson mulkining bu qismi hamisha notinch
bo‘lib kelgan. Hindiston yurishini maqsad qilgan Sohibqiron shu
sababdan ham qo‘shin ortini mustahkamlash niyatida Kobulni
tark etib, Sulaymon tog‘lari yaqinida yashagan afg‘on qabilalari
va isyonkor qora kiyimlilar – siyohpo‘shlar nomi bilan mashhur isyonchilarni
tavbasiga tayantirish, o‘zining ko‘nglini tinchlantirish bilan mashg‘ul
bo‘ldi. Qolaversa, bu tadbir Hind sultonini chalg‘itishning yo‘li
ham edi. Go‘yo o‘zini Hindistonni zabt etish uchun emas, mana
shu bebosh qabilalarni itoatga keltirish uchun kelgan
qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ldi.
U vaqt yetishi
bilan o‘ttiz ming askarga rahbar bo‘lmish amirzoda Pirmuhammad Jahongirga
Sulaymon tog‘ini oshib, Sind daryosini to‘xtamay kechib o‘tib Mo‘lton
viloyatiga, amirzoda Muhammad Sulton bilan amirzoda Rustam boshchiligidagi
o‘ttiz minglik qo‘shinga esa Sind daryosi yoqalab Kashmir tog‘i
etagidagi yo‘ldan yurib Lohur viloyatiga bosqin qilishga farmon
berdi. O‘zi bo‘lsa qo‘shinning asosiy qismi – g‘ul bilan Badaxshon
tomonga yo‘naldi va tog‘ oshib Hindiston sarhadlariga bostirib kirdi.
Hindiston yurishi haqida boshqa bir hikoyamizda batafsil to‘xtalish
niyatimiz borligi sabab, biz asosiy maqsadimiz – sizga so‘zlab bermoqchi
afsonani keltirib chiqargan voqealarga o‘tishni ma’qul ko‘rdik.
Amir Temur, yuqorida
aytganimizdek, qo‘shin ortini mustahkamlash maqsadida afg‘on qabilalari
tomonidan vayron etilgan bir qator qal’alarni qayta tiklatgan va
ularda o‘z odamlarini qoldirgan edi. Mana shu qal’alarning biri
Irob qal’asi edi. Pirmuhammad Jahongir Mo‘ltonga yurishi oldidan
o‘ziga sodiqlik so‘zini aytgan Lashkarshoh afg‘onni mana shu
qal’aning kutvoli qilib tayinlagandi. Amir Temur qo‘shini Hindistonga
qarab yo‘lga chiqishidan foydalangan karkas deb atalgan afg‘on
qabilasining boshlig‘i Muso afg‘on kelib qal’ani qo‘lga kiritdi
va kutvol Lashkarshoh afg‘onni qatl etdi. O‘ldirilgan og‘asining
qasosini tilagan Malik Muhammad Sohibqiron huzuriga bosh urib bordi.
Amir Temur uzoqni ko‘zlab ish tutdi: go‘yo bechora inining
o‘tinchiga quloq solmagan bo‘lib, uni qamab qo‘yishni buyurdi. So‘ng
Muso afg‘onga huzuriga kelishni talab qilib yorliq yubordi. Muso
afg‘on kelgan chopardan qon o‘chi talab qilib borgan Malik Muhammad
qamoqqa tushganini eshitib , xotirjam tortdi. Ammo Amir Temur qo‘shini
qal’aga qarab kelayotganidan voqif bo‘lgach, unga peshvoz
chiqib, qal’ani peshkash qilishni ma’qul deb topdi. Ammo u o‘z askarlaridan
biriga Amir Temur qal‘aga kirishi bilan o‘q uzib, uni halok etishni
buyurgan edi. Ammo pastkash niyatiga etmadi. Uzilgan o‘q xato ketdi.
Muso afg‘on qilmishiga yarasha jazolandi, u qatl etildi.
Aynan mana shu
voqea yillar o‘tib afsonaga asos bo‘lganiga shak-shubha yo‘q.
Lashkarshoh afg‘ondan avval qal’ada Pirmuhammad Jahongir turgani
uchnmi, afsonada Amir Temur o‘g‘lining o‘limi haqida gikoya qiladi.
Nabiraning o‘g‘ilga aylanishi esa faqat afsonalarda emas, hatto
tarixiy kitoblarda uchrab turadigan holdir. Qolaversa, Pirmuhammad
Jahongir Amir Temurning kenja o‘g‘li Shohruh bilan deyarli tengqur
edi. Endi navbat afsonaga..
Dunyoning to‘rt
tarafiga ko‘z tikkan Sohibqiron Amir Temur qo‘shini jangari afg‘on
qabilalari bilan bo‘lgan og‘ir jangu jadaldan so‘ng daryo yoqasida
qo‘qqayub turgan ulkan qoya ustidagi qal’ani qo‘lga kiritdi.
Qal’a juda kichik, ammo baland devor bilan o‘ralgani uchun g‘oyatda
kuchli istehkom edi. Shuning uchun ham qal’aning qo‘lga kirishi
qiyin bo‘ldi. Aniqrog‘i qiyin bo‘lishi mumkin edi. Ammo kutilmaganda
qal’a xiyonat tufayli uning qo‘liga juda oson o‘tdi. Xiyonat qal’a
jiybaxona boshlig‘i tomonidan bo‘ldi. U dastlab maktub qatib bog‘langan
yoy o‘qini Sohibqiron askarlari tomon uchurib, tun yarimdan og‘ganda
mag‘rib tomondagi darvozani ochajagini xabar qildi. Munshiy xatni
unga o‘qib berar ekan, hukmdor hali aftini ko‘rmagan jiybaxonachidan
qattiq nafratlandi. ”Ko‘rnamak”, - deb o‘yladi u munshiy xirgohdan
chiqib ketgach. U uzoq o‘yladi. Hurmdorlari bergan tuz haqini
unutib, vafodorlik va sadoqatni bir chekkaga yig‘ishtirib, uning
oldiga ne-ne odamlar bosh urib kelmagan. Lekin u har safar bu xoinlarni
la’natlagan. Tuz haqi va vafodorlikni unutib, xizmat vaqtida o‘z
sohibidan yuz o‘girib uning qoshiga kelgan har bir yuzsizni
o‘ziga va saltanatiga eng yomon dushman deb bilgan.
Zero, ular o‘z
sohibiga vafodorlik qilmagach, unga qilarmidi?
Ammo Sohibqiron
xiyonatdan foydalanishdan yuz o‘girmas, undan ustalik bilan foydalanardi.
Axir, qay bir sarkarda o‘z jangchilarining bekordan-bekor
qurbon bo‘lishidan saqlaydigan yo‘ldan foydalanishni istamaydi.
Xiyonat inson yuragini qurt kabi kemirgan fasoddan, mamlakatda loqaydlik
tufayli yuzaga chiqqan parokandalikdan, xullas, ham ustki tanazzuldan
tug‘ilishini u yaxshi bilardi. Shu sababdan ham har lahza har bir
sipohiy, har bir qo‘shin boshlig‘i, har bir amir boshi ustida uning
qahri aylanib turishi zarurligini unutmas, ularni umid va qo‘rquv
o‘rtasida tutishni lozim ko‘rardi.
Agar jiybaxonachi
xiyonatga yuz tutgan ekan, undan foydalanmog‘i savob, illo uni bu
harom yo‘ldan qaytarishning iloji yo‘q. Iloji – o‘lim.
Qal’a tongga yaqin
g‘arbiy darvozaning kutilmaganda ochilishi tufayli uning qo‘liga
o‘tgach, qarorini farmonga aylantirib, qal’a qutvoli bilan jiybaxona
boshlig‘ini o‘limga buyurdi.
Bir-ikki kun lashkarga
dam berib bo‘lgach, sohibqiron qal’ada o‘g‘li boshliq qo‘shinni
qoldirib, boshqa shaharlaru qal’alarni zabt etish qasdida shitob
bilan otlanib, yo‘lga tushdi.
Yo‘lga tushgan
qo‘shindagi askarlarning son-sanog‘i yo‘q edi. Ularning otlari ming
farsangdan ortiq yo‘l bossayam hali toliqmagan va shamoldek uchqur,
qilichlari olmosday o‘tkir, yuraklarbga qo‘rquv tushmagan edi. Qo‘shin
shunday shiddat bilan borardiki, go ‘yo saraton mahali qamishzorga
tushgan o‘tdek to‘xtovsiz edilar. Boshlaridagi simobiy dubulg‘alar
kun tig‘ida yalt-yult tovlanar ekan, o‘sha zamonda yashagan muarrix
ta’riflagandek, “qo‘shin kejim, zirh va javshanlar ko‘pligidan temir
tog‘i kabi edi, go‘yo temir tog‘i erib ketib, daryo bo‘lib oqub
borar, bu qoim yuz ming koinotni yutib yuboradigan ulkan nahangdek
jilvagar edi”.
Bu qo‘shin o‘tgan
yo‘llar changi hafta o‘tmasdan to‘xtamas, bu temir oqim to‘xtab
hordiq olgan yam-yashil o‘langlarda qayta o‘t unmas. O‘t unishi
uchun yomg‘ir asrlar davomida otlar tuyog‘idan ezilib o‘lgan tuproqni
yumshatishi, quyosh yuz yillar mobaynida bu taqir maydonlarga o‘z
mehrini tinmay sochmog‘i kerak edi. Olis tog‘lar qoyalari
ustida poda o‘tlatib yurgan afg‘on cho‘ponlari biyobon o‘rtasida
to‘satdan paydo bo‘lgan simobrang daryoni ko‘rib, Alloh taoloning
irodasidan hayratlanib, tasannolar aytishardi.
Mana shu
ulkan qo‘shin to‘xtab Sind daryosi sohilida hordiq olayotgan paytda
Amir Temurga kuni-kecha zabt etilgan qal’adan chopar kelganini aytdilar.
“Kirsin!” – dedi Sohibqiron daryodan urilgan salqin shabadadan ohista
tebranib turgan xirgoh pardalariga tikilganicha. Amir Temur yugurib
ichkariga kirgan choparni tanidi. U shahzoda o‘g‘li xizmatida yurgan
uyo‘g‘lonlarning biri edi. Uyo‘g‘lon kira solib, tizza cho‘kib
va boshini egib, siniq ovozbilan so‘zladi:
- Onhazrat,
shum xabar keltirganim uchun boshimni oling.
Uning bu so‘zini
eshitgan Amir Temurning bir mo‘yi ham qimirlamadi. U huzuriga kirgan
sonsiz choparlardan bu so‘zni necha marta eshitgan, sanasa, sanoqdan
adashmog‘i mumkin. Ko‘pincha bu so‘z bilan boshlangan xabarlar uning
qulog‘iga yetishga ham arzimas bir gap bo‘lib chiqar, Sohibqiron
odamlarning vahimaga o‘chligidan hayron qolardi. Birdan o‘yiga:
“Nahotki, o‘g‘limga bir gap bo‘lgan bo‘lsa?” degan gap keldi-da,
sergak tortdi.
- Sening joning
Allohniki, oldin so‘yla, agar Alloh oldida javobgar bo‘lsang, boshing
shaksiz kesilg‘ay. Agar menga nisbatan aybli bo‘lsang, hukmni mashoyixlar
ayturlar…
- Avval
bir qoshiq qonimdan keching, onhazrat, - dedi uy o‘g‘lon sapchadek
kichik boshini ko‘tarmay.
Amir Temurning
g‘azabi qaynadi. “Nima balo, bu sakbachcha, mening irodamni sinamoqchimi?”
Birdan daryodan
esgan shabda yuziga urildi-yu, Allohning bu ne’matidan yana ko‘ngligi
xotirjamkik cho‘kdi.
- Kechdim,
gapir, - dedi horg‘in tovush bilan Sohibqiron.
Chopar ortiq paysalasa,
aytadigan gapi o‘zi bilan rixlatga ketishini angladi-yu, boshini
sal ko‘tardi. Shunda ham hukmdorning yuziga qarashga jur’at qilolmay,
gap boshladi:
- Ulug’ Sohibqiron,
siz qal’ani tark etgandan so‘ng la’nati yog‘iylar nogahon uni qamal
ayladilar. Necha kun jang bo‘ldi. Ammo kuchimiz ozlik, zahiramiz
nosozlik qilib mag’lub bo‘ldik. Yog‘iylar qal’aga biz bilmagam yashirin
yer osti yo‘ldan kirib oldi. Qal’aning qo‘ldan ketmog‘i ayon bo‘lgach,
bemonand shahzoda meni sizning huzuringizga jo‘natdi. Necha o‘limdan
qolib, ming g‘avg‘o bilan qal’adan chiqishga muvaffaq bo‘ldim.
- O‘g‘limga nima
bo‘ldi, u tirikmi? – deb sekin so‘radi Amir Temur. Uning ovozidagi
sovuqdan choparning etlari jimirlab ketdi. So‘ngra zo‘rg‘a ovoz
chiqardi:
- Bilmayman, Sohibqiron,
bilmayman – uning jag‘lari titrardi, - Men qal’adan chiqish sa’y-harakatini
qilayotganimda, jang jiybaxona oldida borayotgan, o‘g‘lingiz jangning
o‘rtasida edi.
Amir Temurning
ichiga o‘t tushgandek bo‘ldi. Sekin atrofida turgan ichkarilaru
nombardorlarga razm soldi. Biror bir ko‘z ochiqdan-ochiq unga tikilib
turganini ko‘rmadi. Ammo, hammaning yuzida tashvish alomati zohir
edi. U bir dam o‘yga botib turdi-da, sekin pichirladi:
- Hozirning o‘zidayoq
qo‘shin yo‘lga otlansin. Yog‘iylar munosib jazolonsunlar. O‘g‘lim
tirikmi, o‘likmi topilsin.
Nazarida farmonini
qo‘shinga yetkazishga javobgar tovachi sust harakat qilayotgandek
tuyuldi. Bir harakat bilan o‘rnidan irgi‘b turdi-yu, g‘azab bilan
baqirdi:
- Bo‘g‘ozmisan,
onag‘ar. Agar yana shunday paysallasang qorningni yorib, qoningni
oqizganim bo‘lsin.
Pak-pakana, qorindor
tovachi xirgohdan o‘qday otilib chiqdi. “Xudo bir asradi, xudo bir
asradi!” degan o‘y chopib borayotgan tovachining miyasini kemirardi.
Dam o‘tmay temir
tog‘ erib, ulkan oqinga aylandi va kechagina o‘tilgan, hali chang-to‘zoni
bosilmagan yo‘llardan ilondek buralib oqa boshladi. Endi bu
qo‘shinning shiddati yana ham jadal , navkarlar dilida qasos
o‘ti yonar, otlar qamchi zarbidan alamzada yo‘rtib borar edilar.
Temir oqim bir necha kundan so‘ng dushman qo‘liga o‘tgan qal’ani
uch tomondan o‘rab oldi. To‘rtinchi tomonda esa yuksak qorli tog‘lardan
tushib hali qo‘lga o‘rgatilmagan beasov toydek hapriqib, guvillab
ulkan daryo oqib turardi. Agar o‘sha tog‘lar tomonda poda o‘tlatib
yurgan o‘sha afg‘on cho‘poni hozir qal’a tomonga ko‘z
tashlay olganida edi, ulkan biyobon qa’rida tug‘ilgan noma’lum simobrang
daryo ulkan qoyaga – qal’aga urilib ikkiga bo‘linib asrlar davomida
oqib turgan o‘zlariga tanish daryoga qo‘shilayotganiga ko‘zlari
tushardi.Agar ular ertasi ham o‘sha tomonga qaraganlarida edi, kechagi
birdan paydo bo‘lgan simobrang daryo yo‘qligini , ulkan qoya atrofida
esa ulkan qo‘l paydo bo‘lib qolganini ko‘rgan bo‘lardilar. Bu ko‘l
kechasi olov komiga aylanib, undan taralgan yog‘du yuksak tog‘larning
qorli cho‘qqilariga urilib, ularni nimqizil rangga bo‘yaldi. Bu
qal’adan yiroq-yiroqlardagi qishloqlarda va chaharlar aholisi olislardan
kelayotgan yer zirillashiga vahima bilan quloq solishar, allaqanday
noma’lum, shu sababdan qo‘rqinchli halokatlardan darak beruvchi
g‘aroyib manzaraga – yuksak tog‘ cho‘qqilarining qori alvon
rangga bo‘yalib tovlanishini ko‘rib dahshatga tushardilar.
Eng qo‘rqinchlisi,
noma’lumlik edi. Noma’lumlik ularni o‘zlari asrlar davomida yashagan
maskanlarini, molu mulklarini tashlab g‘arq pishib yotgan tutlar
hidi anqib turgan chorbog‘lar oralab o‘tgan yo‘llar orqali bu vahimadan
bexabar va aldamchi farog‘at og‘ushida uxlayotgan o‘lkalarga ketishga,
bu noma’lumlikdan yosh kelinchaklarning ko‘ksida suti qurib, hali
kindik yarasi bitmagan chaqaloqlar yig‘isi otalarni yarim kechalari
turib olisda tobora qizilashib tovlanayotgan tog‘larga notinchlik
bilan uzoq boqishga majbur qilardi. Yer zirillashi to‘xtagani bilan
ularning yuragidagi zirillash battar avj olardi. Ular o‘sha tuni
bilan nimqizil rangda tovlangan tog‘lar tomondan biror bir xabar
kelarmikan deya ilonizli yo‘llarga intiq boqib kutishar; ammo nomoz
paytidagi kentlar ko‘chasidek bu qadimiy yo‘llarda biror kishining
qorasi ko‘rinmasdi. Noma’lumlik tomonga qarab borib, u yoqdan biror
gap olib kelishga hech kim jur’at qilolmasdi. Undan ko‘ra ular keng
dashtda dushman lashkari bilan yuzma-yuz turib jang qilishga rozi
edilar. Ammo dushman o‘sha noma’lum tomonda edi.
O‘sha noma’lumlik
tarafda, kechalari nimqizil rangda tovlangan tog‘lar tomondan oqib
tushgan daryo yoqasidagi qal’ani Amir Temur qo‘shini iskanjaga olgan
edi. Sohibqiron qal’aning sharqiy darvozasi ro‘parasida sarkob tiklashni
buyurdi. U qal’aga taslim bo‘lishni talab qilib nishon jo‘natmadi.
U sarko‘b tiklanishini va sharq tomondan oqib kelayotgan temir oqimni
mana shu sarkob poyida yig‘ilishini ham kutib o‘tirmadi. O‘rtada
beomon jang boshlandi. Amir Temur ham xudoning bir bandasi
kabi, olisdagi qishloqlarda yashagan fuqarolarga o‘xshab noma’lumlikdan
qo‘rqardi. Ammo u noma’lumlik qarshisida qo‘l qovushtirib o‘tirishni
yoqtirmasdi. U har qanday jumboq yechilgandan keyingina yuragida
farog‘at topajagini yaxshi bilar; bu jumboq, bu noma’lumlik – farzandning
qismati uni qiynagan sayin, u mana shu noma’lumlikni yo‘q
etuvchi quroli – qo‘shinlarini jangga soldi. Ko‘zlarida ham qasos
olovi, ham o‘g‘il tashvishi baravar aks etgan Amir Temur tundayam
askarlariga dam bermadi. Har yer-har yerda yoqib qo‘yilgan gulxanlar
yorug‘ida qal’aning to‘rt darvozasi yonida beomon jang davom etdi.
Yugan-suvloqlarini chaynab, og‘zi ko‘piklangan bezovta otlarning
qo‘rqinchli kishnashi, kuragiga botgan yoy o‘qi og‘rishidan dunyoni
buzib baqirayotgan jangchilar , palaxmonlar otgan toshlar gursillab
devorlarga, darvozalarga urilishidan taralgan bo‘g‘iq tovushlar,
guruh-guruh jangchilar goh oldinga, goh orqaga chopganlarida zilzila
paytidagidek yerning silkinishlari orasida allaqachonlar tiklangan
sarko‘b ustidagi xirgoh yonida turgan Sohibqironning: «Bosing! Bosing!»
degan hayqirigi!..
Jang avjiga chiqqan
yarim tunda tinim bilmay yo‘l bosib, kela solib jang boshlagan hukmdor
ko‘zining bir zumgagina yumilganini bilmay qoldi. Shu bir zum ichida
u tuch ko‘rdi.
Osmonu falakdan
quyulgan kumish shu’la og‘ushida bir ayol belanchak tebretardi.
Belanchak iplari qayerga osilgani bilinmasdi. U ayolni tanidi –
u Tegina Mohbegim, onasi edi. Ammo beshikda o‘g‘li yotardi… “Ota
– dedi o‘g‘li jilmayib, - Ota…” Birdan o‘g‘lining tovushini eshitdi.
“Onajon!…”
U birdan uyg‘onib
ketdi-yu, sarko‘b poyida yotgan yarador jangchilardan birining bo‘g‘zidan
chiqqan o‘lim oldi nolasi uni uyg‘otib yuborganini bilmadi. “O‘g‘lim!”
– shivirladi birdan dili yonib o‘zidan-o‘zi. Sohibqiron ko‘zidan
sixib chiqqan bir tomchi yoshda gulxan yorug‘i aks etgandek bo‘ldi.
U o‘sha zahoti ko‘zlarini yengi bilan artib, hech kim sezmadimi,
degandek atrofiga nazar tashladi. Hammaning xayoli jang maydonida
edi. Faqat uning hamma yurishlarida qatnashgan qari munajjim osmonga
bezovta tikilardi. Qariya Sohibqironning o‘ziga tikilganini
sezib, o‘girildi. Amir Temur munajjimni yoniga chorlab, bezovtaligi
sababini surishtirmoqchi bo‘ldi. Ammo xayoli bo‘lindi. Askarlari
sarko‘b qarshisidagi darvozaga o‘t qo‘ygan edilar. Qoramoy sepilgan
ulkan naqshkor darvoza o‘tga mahtal turgandek lovillab yona boshlagandi.
Olov pastdan tepaga jadal o‘rlab, darvoza ustunlariga urilib ularni
qorartirardi.
Ammo to‘satdan
havo buzilib, kuchli shamol qo‘zg‘aldi, bir-ikki tonchi tomgandek
bo‘ldi. Shuni o‘zi kifoya bo‘ldi-yu, gulxanlar o‘chdi, yonayotgan
darvoza ham omon qoldi. Biroq, bu jang shiddatini susaytirmadi,
muhosara kuchaygandan kuchayar, har ikki tomon bir-birini ayashni
xayoliga ham keltirmasdi.
Jang avjiga chiqqan
sayin Amir Temurning g‘azabi kuchayar, atrofida turgan nombardorlar
sohibi taxtning qahrini ko‘rib, nafaslarini ichlariga yutgan holda
sukut saqlashardi. Faqat qal’a tarafdan kelayotgan suron
bu sukutni eshitishga yo‘l qo‘ymasdi. Temir oqim qal’a devorlariga
bo‘ron paytida quturgan dengiz to‘lqinlaridek borib urilar
– sada ketidan hazora, hazora ketidan qo‘shin kelardi. Manjaniqlaru
arradalar qal’a devorlarini buzish uchun tinmay ishlar, cho‘moqlaru
xarbalarning bir-biriga urilgandagi jaranglar to‘xtamasdi.
Tong yaqinlashib,
atrof yorisha boshlagan g‘ira-shiralikda Amir Temur amri bilan yasovulboshi
qodirandozlarni ishga soldi, ularning yoydan bexato o‘q uzishlari
tufayli shahrband ustidagilar tutdek to‘kildilar.
Oxiri sabri tugagan
Sohibqiron xirgoh ayvonidagi o‘rnini tark etib, bu holdan vahima
tushgan qurchilar o‘rovida pastga – qal’aga yaqinroq borishga, bu
bilan askarlari ruhini ko‘tarishga qaror qildi. U shiddat bilan
sarko‘bdan tushib borarkan. Zaxira ortilgan aravalarning birining
yonida o‘chib qolgan, ammo daryo tomondan esayotgan salqin shamoldan
qip-qizarib tovlangan gulxan cho‘g‘lariga qo‘llarini toblab, isinib
turgan bir cholga ko‘zi tushdi. U cholni sezmay o‘tishi mumkin edi.
Ammo shuncha shovqin-suron orasida cholning ming‘irlab kuylagan
qo‘shig‘i noxosdan uning diqqatini tortdi:
Voy, o‘g‘lima,
voy o‘g‘lim,
Yigitlarning nobudi.
Ko‘tarilmay qoldi-ya,
O‘g‘ilginam tobuti.
Moymananing yigiti,
Oyog‘ida bor-buti.
Qo‘ldan qo‘lga
o‘tmadi
O‘g‘ilginam tobuti.
Qora yerda yotarsan,
Kimsa bilmas aslingni,
Do‘stlaringni xor
etding,
Kim oladi qasdingni.
Voy, o‘g‘lima,
voy, o‘g‘lim,
Yigitlarning nobudi.
Qo‘ldan-qo‘lga
o‘tmadi
O‘g‘ilginam tobuti…
Amir Temur cholni
tanidi. U qal’ani dastlabki qo‘lga olganda, o‘z sohibi, o‘z safdoshlariga
xiyonat qilganligi tufayli o‘limga buyurilgan qal’a jiybaxonasi
boshlig‘i bo‘lmish yigitning otasi edi.
O‘shandayam jang
juda dahshatli bo‘lgan bo‘lsa-da, bugungichalik bo‘lmagandi. Unda
muxoliflar o‘zaro ilk marta to‘qnashayotganlari uchun hali bir-birlaridan
qo‘rqishmas, dillarda faqat: «Kimning qo‘li baland kelarkan?» degan
hadik bor edi, xolos.Ammo qilichlar bir-biriga urilgan ilk daf’adayoq
bu hadik o‘rtadan yo‘qolib, yning o‘rnini yog‘iyga nisbatan g‘azab
va nafrat egallagan edi. Tongga yaqin boshlangan jang kechgacha
davom etdi va ertasi kuni quyosh endi qizarib chiqa boshlagan mahalda
chol o‘g‘li – jiybaxona boshlig‘i xiyonati tufayli Turon hukmdorining
g‘alabasi bilan tugadi. Ammo g‘alaba unga tatimadi. Yuborilgan nishonidagi
talabiga bo‘ysunish o‘rniga qarshilik ko‘rsatgan qal’a kutvoli bilan
unga qal’a darvozasini ochib bergan jiybaxona boshlig‘ini qatl ettirdi.
Yengilgan qo‘shin askarlarini esa qatl maydoniga olib kelib, o‘z
boshliqlarining sharmandali o‘limini ko‘rishga majbur etdi. Qatldan
so‘ng bu askarlarni ozod qilib qo‘yib yubordi.
Qatl boshlanishi
oldidan asir askarlar turgan tomondan dod-faryod eshitildi. Amir
Temur sukutni buzgan bu yoqinsiz baqir-chaqirni eshitib, “Nima gap?”
degandek qurchilar boshlig‘iga o‘qraydi. Hukmdorning noroziligini
payqagan qurchilar boshlig‘i, devdek kelbatiga yarashmagan chaqqonlik
bilan pastga otildi. Uning shunday og‘ir gavdasi bilan chaqqon harakati
o‘rtasida bog‘liqlik topolmagan hukmdor shovqin chiqqan tomonga
tikildi. U mag‘lub yog‘iy askarlari ichidan qurchilar sudrab olib
chiqqan cholni ko‘rdi. Chol ikki qo‘lini ombirdek qisib, maydon
chetiga sudragan qurchiarga dastlab qarshilik ko‘rsatishga urindi-yu,
ammo dam o‘tmay, nafasi o‘chib, qo‘l-oyog‘i majolsiz shalvirab tushdi.
“U kim?” - deb
so‘radi Amir Temur qurchilar boshlig‘i qaytib, o‘z o‘rnini egallagach.
“Jiybaxona boshlig‘ining otasi ekan”, - dedi qurchiboshi.
Sohibqiron birinchi marta kunda oldida qo‘li bog‘liq turgan, qal’ani
xiyonat tufayli unga olib bergan jiybaxona boshlig‘iga tikildi.
U o‘g‘li tengi yigit edi.
Xuddi o‘sha
lahza tovachining ishorasi bilan qatl boshlanganidan xabar berib
nog‘oralarning gumbir-gumbiri boshlandi. Maydon o‘rtasidagi kunda
qo‘yilgan supada qo‘qqayib turgan jallod qiblaga qarab tilovat o‘girdi.
Botayotgan quyoshda uning yuzi qip-qizil tusda tovlanardi. Tilovatni
tugatgan jallod o‘rnidan turdi va kundaga birinchi bo‘lib kutvol
boshini qo‘ydi. Ammo kutvol boshini kundadan olib, yana qad tiklashga
urindi. Mushtumining zarbi bilan buqani o‘ldirishga qodir zabardast
jallod bir siltash bilan yana uning gavdasini bukib boshini kundaga
qo‘ydi, so ng yuksakdagi xigoh peshayvonidagi taxtda ichkilaru nombardorlar
qurshovida turgan hukmdorga tikildi. Aniqrog‘i, tikilgandek bo‘ldi,
zero jallod boshini ko‘tardi-yu, o‘z sohibiga tik boqishga jur’at
qilolmadi. Uning qo‘lidagi oybolta ham qonga bo‘yalmagan, ammo g‘urub
shu’lasi tushib qip-qizarib tovlanardi.
Endi buyog‘i faqat
Sohibqironning irodasiga, uning g‘azabi yoki rahm-shafqatiga
bog‘liq edi. Ammo dunyoning to‘rt tarafining zir-zir titratgan,
G‘arbu Sharq hukmdorlariga o‘zining marhamatini ayamay, ularni farzandi
qatoriga qo‘yib, «o‘g‘illarim» deb murojaat qilishga ko‘nikkan jahongir
bu lahza nimalar haqida o‘ylayotganini hech kim bilmasdi.
Kutvol ham, jiybaxona
boshlig‘i ham o‘g‘li tengi yigitlar edi. Ammo kutvol mardonalik
bilan qal’ani saqlashga uringan bo‘lsa, jiybaxona boshlig‘i xiyonat
bilan uni muxolifga ochib bergani ular o‘rtasida bir ulug‘ jar hosil
qilganini o‘ylagan Sohibqiron dunyoning g‘alati ishlarini anglashga
urinarrdi. Mana, deyarli tengdosh yigitlar. Balki ular bir ko‘chada
o‘ynab ulg‘ayishgan jo‘ralardir, balki qilich chopqilashni birga
mashq qilishgan saboqdoshlardir. Ammo ular hozir bir-biriga dushman.
Kutvol o‘zini mag‘rur tutar, o‘zini dushmanga sotgan jiybaxonachiiga
qayrilib ham qaramasdi. Jiybaxonachi bo‘lsa, allaqachonlar tiriklik
nishonasini bildirmay munkayib yotardi. O‘z qilmishini anglab pushaymon
bo‘lganidan ajalni allaqachonlar bo‘yniga olganidanmi yoki o‘z xiyonati
bois marhamat kutib, uning o‘rnida o‘lim topayotgani tufayli qo‘rquvdanmi
uning devor rangiga kirgan basharasi ma’nosiz, unda na g‘azab, na
iltijo namoyon edi.
Hukmdor o‘lim oldida
ham o‘zini xo‘rlashlariga qarshilik ko‘rsatayotgan kutvolga qarab,
ikkilangandek bo‘ldi. Keyin birdan sergak tortib, o‘g‘liga ko‘z
qirini tashladi. U o‘g‘lining chehrasida ham ikkilanish alomatini
sezdi-yu, qarori qat’iylashdi. “Ikkilanish, bu bo‘lajak mag‘lubiyatdir”
- deb o‘yladi Amir Temur. Agar u hozir ikkilanganini o‘g‘liga bildirib
qo’ysa, o‘g‘li saltanat va harbning har bir ishida ikkilanishi mumkin.
Bunga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi. Unda saltanatda orom, dushmanlarda
qo‘rquv, do‘stlarda sadoqat, o‘g‘lida sobitlik qolmaydi. Illo, podshoh
bir tadbir qilishni oldindan qasd qildimi, har qanday sharoit va
vaziyatga qaramay, o‘sha ishda qattiq turmog‘i, to bitirmaguncha
undan qo‘l tortmagani ma’qul. Agar bugun u ikkilansa ertaga o‘g‘li
ham ikkilanadi, sobitligi sinadi, oqibatda mamlakat bo‘linadi. Ikkilangan
hukmdor baribir oxir-oqibat adashadi, so‘ng ularga yaqin turganlar
ham adashadilar.
U bir paytlar,endi
saltanat izmi ilgiga o‘tgan kunlarda piri yo‘llagan maktubdagi muborak
so’zlarni esladi: «Mamlakat kufr bilan turishi mumkin, lekin zulm
bor yerda turolmaydi». Xo‘sh, undan shafqat tilash o‘rniga o‘limni
indamay kutayotgan kutvolni o‘ldirish zulmmi, zulm emasmi?! “Zulm!”
- deb o‘ziga javob berdi Sohibqiron. Ammo yana shu narsa ma’lumki,
kutvol yosh bo‘lishiga qaramay, zulm yo‘liga o‘tgan. Sohibqiron
qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik niyatida o‘z nishonini yuborib
taslim bo‘lishni taklif qilganida, bu talabga rizolik bildirish
haqida maslahat solgan ikki-uch yuzboshini mashvaratning o‘zidayoq
chopib tashlagan. La’nati jiybaxonachi, allaqachonlar ko‘nglida
xiyonat fitnasini boshlagan jiybaxona boshlig‘i ham o‘sha yuzboshilarga
qilich peshlagan. Nodon kutvol xavf-xatarni unga oqilona maslahat
bergan yuzboshilardan emas, mana shu yonida turib qilich peshlagan
jiybaxonachidan kutish kerakligini bilmagan. Oqibatda o‘rtada jang
sodir bo‘ldi, necha yuz askar bekordan-bekor qurbon bo‘ldi. Bu zulmmi,
zulm emasmi?! “Zulm!” - deb hukm chiqardi buyuk jahongir. Qolaversa,
yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytarish mumkinmi? U holda yaxshilikka
nima bilan javob qaytarish lozim. Yo‘q, yomonlikka adolat,
yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarmoq kerakdir. Aksincha bo‘lsa,
xatodir.
Amir Temur yana
o‘g‘liga ko‘z qirini tashladi. Uning yuzida hamon ikkilanish alomati
zohirligini sezdi va o‘g‘li unga qayrilib bir nima deyishga hozirlanganini
payqashi bilan ko‘zini olib qochdi. Yo‘q, o‘g‘li hozir nima demoqchiligini
u eshitmasligi kerak. Zero, hozircha bu ikki iqlimni ichiga olgan
cheksiz hududda va shu hududning markaziga aylangan yerda – u o‘tirgan
makonda har bir narsa, har bir kimsaning taqdiri yolg‘iz uning irodasiga,
uning qaroriga bog‘liq. Shunday ekan, kecha yolg‘iz o‘zi bilgan
qaror, uni boshqalarning qulog‘i eshitmagan bo‘lsa-da, bugun amalga
oshmog‘i shart.
Sohibqiron yuzida
bir daqiqa paydo bo‘lib, o‘sha lahza o‘chgan ma’noni uqqan tovachi
jallodga “Boshla!” degandek qo‘l siltadi. O‘sha lahza jallodning
qizil damli oyboltasi kutvol boshi ustida yalt etdi-yu, kesilgan
bosh kundadan supaga, supadan pastga dumalab ketdi. Navbat jiybaxona
boshlig‘iga yetdi. Yana jallod oyboltasini yerga tirab, bosh egib
izn kutdi. Tovachi hukmdor yuziga tikildi. Ammo Amir Temur yuzida
hukm ma’nosini ko‘rmay, vujudi diqqatga aylandi.
Navbat jiybaxona
boshlig‘iga yetdi-yu, jahongir dastlab kutvolni boshidan judo etganiga
o‘kindi. Avval battol xoinni o‘ldirish kerak edi. Illo, o‘zini yog‘iyga
sotgan xiyonatkorning o‘limini kutvol ko‘rishi kerak edi.
Jahongirning birdan g‘azabi ko‘pchib, tovachiga o‘qraydi. Gap nimadaligini
anglolmagan bechora tovachining tizzalari bo‘shashib, rang-ro‘yi
ko‘pikdek oqarib ketdi. Ha, kutvol bu la’natining o‘limini ko‘rishi
shart edi… Shart edi… Nega avval shu narsani o‘ylamadi. Bu
kahza o‘z ona yurti hifzida turgan qal’ani unga olib bergan jiybaxona
boshlig‘i uning nazarida lunyodagi eng past, eng manfur kimsa edi.
O‘limini kutib
yuztuban yotgan jiybaxonachining tanasiga jon kirgandek bo‘ldi.
Kutvolning o‘liminidan so‘ng tamom bo‘lgan xoin hukmdor o‘yga botgan
vaqtni paysallash, deb Sohibqiron uni faqat qo‘rqitish uchun kunda
yoniga olib keltirganligiga, aslida qilgan ishi uchun albatta marhamat
topajagiga ishona boshlagandi. U zo‘rg‘a ko‘zlarini ochib hukmdorga
boqdi. Majol topib undan imdod tilamoqchi bo‘ldi, ammo muzlab
qolgan lablarini qanchalik ochishga urinmasin, ocholmadi, faqat
qaqragan, qonga to‘lgan bo‘g‘zidan nolaga o‘zshash bir tovuch chiqdi.
Keyin hukmdorning o‘ziga qahr bilan nafratomuz qarab turganini arang
ilg‘adi-yu, murda nuqsi urgan basharasini yana yerga bosdi.
Amir Temur g‘azab
bilan tovachiga baqirdi:
- Mochag‘ar,
nimani kutyapsan, boshlamaysanmi?
Tovachining ishorasi
bilan jallod bir siltash bilan jiybaxona boshlig‘ining majolsiz
gavdasini yerdan ko‘tardi-da, ikki bukdi va boshini kunda
ustiga qo‘ydi. O‘sha zahoti mahkumning og‘zidan ko‘pik
oqib tusha boshladi. Jiybaxona boshlig‘ining boshi ham kundadan
pastga dumalashi bilan hammaning qulog‘i ko‘nikib qolgan og‘ir va
qo‘rqinchli sukunat og‘ushida maydon chetida bog‘liq turgan
otlar yonida chalqancha yotgan cholning yuragidan otilib chiqqan
mungli faryod yangradi. Ammo bu faryod egasiga hech kim jur’at etib
qaray olmadi. Yolg‘iz Amir Temur o‘rnidan turib, qatl maydonini
tark etayotgan odamlar osha cholga uzoq tikildi. «Zulm!» - deb o‘yladi
yana u. Shu o‘y ongida yalt etgan zahotiyoq, shart orqasiga o‘girildi.
O‘shandan buyon cholni uchratmagan edi…
So‘nib borayotgan
gulxan cho‘g‘larini qo‘lidagi shox bilan titayotgan cholga ko‘z
tashlab, bir lahzagina to‘xtab qolgan sohibqiron qadamini tezlashtirdi.
Ortidan cholning qo‘shig‘i yetib kelardi:
Voy, o‘g‘lima,
voy o‘g‘lim,
Yigitlarning nobudi.
Qo‘ldan qo‘lga
o‘tmadi
O‘g‘ilginam tobuti…
“Chol esdan og‘gan!”
- deb o‘yladi Amir Temur, ammo oldida durbosh ko‘tarib borayotgan
qurchi “Voh” - deya yuztuban yiqilganini ko‘rdi-yu, o‘sha
zahoti cholni unutdi. Qal’a tomondan uchib kelgan to‘qmor uchi qurchining
ko‘ksini techib, kuragidan chiqib turardi. Jahongirning xavfsizligi
uchun javobgar ichkilar tezda uni turalar bikan to‘sib olishdi.
Tuni bilan davom
etgan jang tong yorishgach, battar avj oldi. Kechasi qo‘zg‘algan
shamol va bir-ikki tomchilab o‘tgan yomg‘ir tinib, osmon shundayam
yarqirar ediki, bamisoli artilgan shishadek beg‘ubor edi.
Osmonda bir hovuch bulut gam ko‘rinmasdi. Yoz quyoshi shunday
mehr bilan odamlarga, chehcaklarga , dala-yu dashtlarga, yuksak
tog‘larga o‘z nurini sochardiki, bo‘layotgan voqealar o‘ngda emas,
tushda ko‘rinayotgandek tuyulardi. Ammo har ikki tarafning
jangchilari buni sezishmas, ularning ko‘zi bir-birlaridan uzilmas,
qo‘llaridagi qilichu zulinlar tovushi, ko‘laridagi g‘azab,
dillaridagi qahr g‘ubori ham osmonni, ham quyoshni to‘sib olgan
edi. Toliqqan otlarning ham, odamlarning ham o‘ngi tushga aylangan.
Ular butun dunyoni unutgan, go‘yo yolg‘iz o‘limgina ularga hordiq
olish uchun imkon beradigandek.Tuni bilan sovutlar va dubulg‘alar
aks etgan oy nuri so‘nib, quyoshdan tushgan shuur qip-qizarib oqayotgan
daryoda tovlana boshladi. Uning suviga qon qo‘shildi. U qal’a turgan
qoyadan oqib tushib, olis tog‘lar tarafdan dalalarni yashnatish,
odamlar, gullar, bulbullar chanqog‘ini qondirish uchun oqib tushayotgan
daryoga borib quyilar, ko‘m-ko‘k daryo bir-ikki farsang davomida
bu qonni hazm etolmay qiynalar… va oxiri qon rangini ichiga yutib,
yana o‘zining azaliy yo‘lidan olg‘a talpinardi.
O‘lim topgan jangchilar
qiynalmay jon berishar, o‘lim ularga farog‘atli uyqu bo‘lib tuyular,
ular «o‘layapman»deb emas, «uyqu bosyapti», - degan xayolda ko‘z
yumishardi. Ochiq qolgan ko‘zlarda tip-tiniq osmon bilan bab-baravar
ko‘pik sochayotgan otlar, qilich peshlagan suvoriylar, har ikki
tomondan uchib kelayotgan novaklaru nayzalar aks etardi. Bu
urush chizgan surat edi.
Tongdan o‘tib qal’adagilarning
zaiflashgani sezildi. Zero, ular o‘zlari uchun o‘limdan boshqa yo‘l
yo‘qligini anglab, matonat bilan jang qilishar, biroq, erigan Temur
tog‘i oqimi shiddat bilan to‘xtashni bilmay, qal’a devorlariga
urilar, har urilganda yana ham balandlashardi. Oxiri bu oqim devorlardan
oshib, qal’a ichini to‘ldirdi.
Jang tugadi.
Amir Temurga dushman qo‘shinlari butunlay tor-mor qilinganini aytishdi.
Sohibqiron bu xabarni eshitar ekan, boshqa narsani o‘ylardi. U benoqat
edi. U o‘zi kutgan gapni eshitishni intiq kutar, ammo o‘zi ochiqdan-ochiq
so‘rashga yuragi betlamasdi. “Demak, o‘g‘lim…” Amir Temur ko‘ksi
zirqirab og‘ridi. U qurchilar boshlig‘iga tikilib: “O‘g‘limni toping!”
deb buyurdi. Ammo qidirishlar bekor ketdi. O‘g‘lining na tirigi,
na o‘ligi topildi. Amir Temur bu haqda xabar bergan yaqinlariga
darg‘azab tikilar, ularni qayta-qayta qidirishga majbur qilardi.
Jahongir o‘g‘lini
jasur va o‘ktam qilib tarbiyalagan edi. Qilich tutgan qo‘li baquvvat
bo‘lsin deb kecha-kunduz mashq qildirdi, yuragi qo‘rquvni bilmasin
deb sher yuragini yedirdi, farosatli bo‘lsin deb kitobga oshna qildi.
Yigirmaga chiqqan o«g»li o n yillab sohibqiron yurishlarida qatnashgan,
qilich chopqilashda chiniqqan tajribali jangchilar – bahodirlar
bilan bir safda turish huquqiga ega bo‘ldi.
Amir Temur ichida
farzandini qanchalik suymasin, haligacha uning boshini silab erkalamagan.
Erkalash dilni buzadi deb hisoblardi. O‘g‘li ham shu paytgacha
otasiga biror marta kulib boqmagan, hamisha ko‘zlarida olov chaqnab
turardi. Bu olov o‘sha jang ko‘rgan bahodirlar ko‘zlaridagi olovdek
sovuq porlamasdi. Bu olov o‘tli va yosh edi. Nahotki shunday o‘g‘li
dushman qo‘lida xor bo‘lgan bo‘lsa? Nahotki?! Yo‘q, u o‘zini xor
qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi. U yog‘iy qo‘lida xor bo‘lishdan o‘limni
afzal ko‘radigan yigit. Zero u o‘g‘lini qal’ada qoldirib ketar ekan,
xayrlashish oldidan, shunday degandi: “Saltanatga da’vogarchilik
qilgan har bir kishi saltanat sha’ni va martabasiga loyiq ish tutishi
zarur. Mudom yodingda bo‘lsinkim, bu yo‘lda jangga kirib yo zafar
quchib g‘olib bo‘lg‘aysan, yo o‘ldirilg‘aysan. O‘limini bo‘yniga
olgan kishigina bu yo‘ldan yurmog‘i mumkin”.
Amir Temur rahmatli
otasi, barloslarning ulug‘ amirlaridan biri bo‘lmish Muhammad Tarag‘ay
uni qanday tarbiyalagan bo‘lsa o‘g‘lini o‘sha ruhda: beshafqatlik,
mardlik va farosatlik, faqat shundan keyingina oqibatlik ruhida
voyaga yetkazdi. Oqibat Oqibat, otasining nazarida, yolg‘iz mehr-shafqatdan,
shu bilan birga dilovarligu qattiqqo‘llikdan tug‘ilmog‘i darkor.
U oqibatning inkori bo‘lmish xiyonatni yomon ko‘rardi. Qo‘rqoqlikni
kechirsa kechirar. Ammo xiyonatchiga rahmdillik qilishni o‘ylamas,
hatto bunday qilishni gunoh deb bilardi. Agar Amir Temur dunyoning
to‘rt tomonidagi eng boy o‘lkalarni zabt etib, ularning podshohlarini
o‘ziga tobe etgan bo‘lsa, bu sharafga shu dilovarligi va oqibatdorligi,
xiyonatga yo‘l qo‘ymagani sababli erishdi.
Amir Temur o‘g‘lida
uch hislat mujassam bo‘lishini istardi. Eng avvalo, insonparvarlik,
so‘ng tejamkorlik va nihoyzt bosiqlik. Insonparvar odamgina dovyurak
bo‘lmog‘i mumkin. Tejamkor bo‘lgan odamgina saxiy bo‘lishi mumkin.
Bosiq odamgina hukmdor bo‘lishi mumkin. Kimki jasur bo‘lsa-yu, insonparvar
bo‘lmasa, tejamkor bo‘lmasa-yu, saxiylik qilsa, dono bo‘lsa-yu bosiqlik
qilmasa, unday odam o‘zi bosh-qosh ishniyzm, o‘ziniyam halok etadi.
Kimki, dushmani bilan olishgandayam insonparvarlikni unutmasa, u
albatta yengadi. Alloh taolo hamisha unga madad beradi, insonparvarlik
unga panoh bo‘ladi.
U o‘g‘liga mamlakat
adolat, urush esa dilovarlik va ayyorlik bilan boshqarilishini,
mamlakatda ta’qiq qancha ko‘p bo‘lsa, avom shuncha qashshoqlanishi
mamkinligi, illo erkinlik va adolat bo‘lsa avom, demak mamlakat
boy bo‘lishini, qonun va buyruqlar qanchalik ko‘paysa, adolatsizlik,
o‘g‘rilik va bebochlik shunchalar ko‘payishi mumkinligini uqtirdi.
“O‘g‘lim, - deb aytardi rahmatlik otasi, - uzoqni ko‘rolmagan hukmdor
yaqinidagi balolarga giriftor bo‘ladi. Ammo yaqinni ko‘rib
ish tutgan hukmdor ham xato yo‘ldadir”. Amir Temur otasining bu
gapini o‘g‘liga aytar ekan, o‘zidan qo‘shib ushbuni uqtirgan
edi: Podshohlar hulqi bamisoli shamol, avomniki maysadir. Shamol
qay tarafga essa, maysa ham o‘sha tomonga egiladi. Ammo podshoh
hech qachon o‘z qudratining asosi mana sju avom ekanini unutmasligi
kerak.
Amir Temur tutab
yonayotgan, vayrona qal’aga kirmay daryoga yaqin yalanglikda chodir
tiktirdi. Sohibqiron o‘zining oddiq jangchilari libosidan deyarli
farq qilmaydigan jangovar libosida, Damashqni olganda qo‘lga kiritgan
oltin chiroqdan osilgan shohchodirda kunduz bo‘rkli boshini eggan
ko‘yi o‘g‘lidan darak kutardi. U kamdan-kam yolg‘iz
qolar, shu boisdan har gal shu ahvolga tushganda dilini allaqanday
anglab bo‘lmas og‘riq qisa boshlardi. Hozir ham shu og‘riq uyg‘ondi-yu,
sohibqiron chuqur oh tortdi. U og‘riq sababinii bilmas, bu esa og‘riqni
yo‘qotish chorasini topishga imkon bermasdi. Tuni bilan kechgan
jang tufayli uyqudan, hordiqdan qolgan jahongir ongida quyuq va
horg‘in bir zulmat paydo bo‘lgan, og‘riq esa mana chu zulumot
ichida yonib turgan chiroqdek pirpirab, goh tovlanib turardi. To‘satdan
tashqarida shovqin-suron ko‘tarildi-yu, sergak tortdi. Ammo o‘zini
tutib, bu shovqin-suronlardan xayolan uzoqlashish uchun ko‘zini
yumdi. O‘cha zahoti kechagi tushi o‘ngida yalt etib namoyon bo‘ldi.
Kumush shu’la og‘ushida belanchak chayqalardi. Bu safar onasi
yo‘q edi. Belanchak ham bo‘m-bo‘sh edi. “Og‘lim, o‘g‘lonim…”
– deya pichirladi Amir Temur. Ammo tashqaridagi shovqin tobora unga
yaqinlashib kelar, ortiq undan qochib bo‘lmasdi…
Shu payt shoshilib
ichlariga nombardorlardan biri kirdi. Uning yuzida qo‘rquv bor edi.
U gapni qanday boshlahni bilmay Sohibqiron qarshishiga kelib. Tiz
cho‘kdi. Amir Temur nega nombardorlaru amirlar har galgidek rasm-rusmga
binoan o‘z munosabatlaridan kelib chiqqan tartibda kirib kelmaganlari
haqida o‘yladi-yu, huzuridagi nombardor ko‘pchilik aytishga qo‘rqqan
gapni unga yetkazishni bo‘yniga olib kirganini angladi.
- So‘yla,
- dedi sohibqiron.
- Onhazrat,
- dedi nombardor, - bir qoshiq qonimdan kechsangiz…
- Kechdim,
so‘yla, - dedi Amir Temur.
- Onhazrat,
o‘g‘lingizning na tirigi, na o‘ligi topildi. Qal’ani elakdan o‘tkazdik,
ammo… - nombardor jim qildi. O‘rtada jimlik cho‘kdi. Bu jimlik cho‘zilgan
sayin nombardorning qoo‘rquvi oshib borar, bu qo‘rquv yuragidan
qon tomirlari orqali vujudiga tarqalib, a’zoi-badanini shol etganday
bo‘lardi.
- Shovqin-suronning
sababi nedir? – dedi boshini ko‘tarmay Amir Temur.
Qo‘rquv
daryosiga cho‘kib borayotgan nombardor birdan hushyor tortib, bor
irodasini yig‘ib, taqdir in’om qilgan xasga yopishdi:
- Qatl
etilgan jiybaxona boshlig‘ining otasi sizning huzuringizga kiraman
deb shovqin ko‘tardi. Qurchilar uni qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, daryoga
tashlamoqchi bo‘ldilaru bu ishni ixtiyoringizsiz qilishga jur’at
topolmay to‘xtadilar.
“Mana kim o‘g‘limga
nima bo‘ganini menga aytib beradi?”- degan nogahoniy o‘ydan o‘rnidan
turib ketgan Amir Temurning vajohatini ko‘rib nombardor hayot bilan
vidolashish muddati yetganini tushundi. Ammo Sohibqiron unga yaqinlashib,
yoqasidan ushlab dast ko‘tardi-yu, qahrli ko‘zlarini tikib, baqirdi:
- Tezroq
cholni huzurimga olib kiring!
Boyagina qo‘rquvdan
qo‘l-oyog‘i bo‘shashgan nombardor hukmdor yoqasini bo‘shatishi bilan
shohchodirdan o‘qday otilib chiqdi. Zum o‘tmay, cholni olib kirdilar.
Chol hozirgina arqon siquvidan bo‘shagan qo‘llarini uqalab, qarshisida
o‘tirgan Sohibqironga, ko‘zlarini yashirmay, ochiqdan-ochiq razm
solardi. Ular bir-biriga uzoq tikildilar. Allaqachon o‘z o‘rinlarini
egallagan nombardorlaru amirlar “bu yog‘i nima bo‘larkin?” deganday
voqealar davomini kutardilar.
- So‘yla,
kimsan? – deb birinchi og‘iz ochdi nihoyat Amir Temur.
- Bandaman,
- dedi chol unga tik boqqancha.
- Kimning
bandasi? – deb so‘radi yana Amir Temur.
- Hukmdorimning,
- dedi chol.
- Hukmdoring
kim?
- Alloh
taolo! – dedi chol.
Amir Temur cholning
javobiga ichida tahsin o‘qidi. Bir lahzalik bu savol-javob uni ancha
tinchlantirgan edi.
- Ey
Alloh bandasi, - deya gap boshladi yana Amir Temur, - mening kimligimni
bilasanmi?
- Bilaman.
Sen ham Alloh bandasisan! – dedi chol.
- Inshoollo,
xudoning bandasi Amir Temurman, - dedi Sohibqiron.
- Amir
Temurligingni yaxshi bilaman.
Atrofdagilarning
butun vujudi quloqqa aylanib, hukmdor bilan chol musohabasini tinglashardi.
- Allohniing
mo‘jizasi, Xudovandi karimning marhamatiga erishgan Amir Temurman,
- dedi sohibqiron har bir so‘ziga alohida urg‘u berib.
- Har
bir bandaning dunyoga kelishining o‘zi Alloh mo‘jizasi, Xudovandi
karimning marhamatidir, - dedi chol.
Amir Temur «rost
aytding» degandek bosh silkib, cholning so‘zini ma’qulladi. Ammo
o‘sha zahoti yodiga o‘g‘li tushdi-yu, lablari mahkam qisildi.
- O‘g‘limga
nima bo‘lganini bilasanmi? – deb sekin so‘radi Sohibqiron. Ammo
uning ovozini sukunat quchgan shohchodirda o‘tirgan hamma eshitdi.
- Kecha
qal’ada bir yigitni qatl etdilar. Uning ko‘z-qoshi senikiga o‘xshardi.
O‘sha yigit o‘g‘lingvi? – dedi chol savolga savol bilan.
- Sen
aytgan yigit o‘g‘limmi, o‘g‘lim emasmi, men hali bilmayman. U tirikmi,
o‘likmi, bundan ham bexabarman, - dedi Amir Temur.
- Yigit
taxminan yigirma yoshda edi, - dedi chol.
- Ha,
o‘g‘lim yigirmaga chiqqan edi, - dedi Sohibqiron.
- Uni sening
kelishing arafasida tongda qatl etishdi, - dedi chol.
- O‘sha yigitni
qanday o‘ldirishdi, so‘ylab ber, - dedi Amir Temur.
- Uni
qal’a o‘rtasidagi maydonda qatl etishdi. O‘sha sen mening o‘g‘limni
qatl etgan supada… - Chol bu gapni aytib to‘xtadi. Amir Temur birdan
yolg‘izlikda qiynab, ko‘pchilik orasida uni tark etadigan og‘riq
yana dilida uyg‘onganini sezdi. Bu safar og‘riq har safargidan kuchlioq
edi. U bor irodasini to‘plab, dilidagi azob yuzida zohir bo‘lmaslik
yo‘lini tutdi. Choldan boshqa biror kishi jahonni qo‘rquvda tutgan
inson dilida qanday azob uyg‘onganligini sezmadi.
- Tong
mahali edi, - deb nihoyat gapini davom etdi chol. – Mashriqdan chiqqan
quyosh charaqlab tursa-da, hali mag‘rib tomondagi oy botib ulgurmagan
edi.
- Uni
qanday o‘ldirdilar? – deya toqatsizlandi Amir Temur.
-
Avval o‘ng qo‘lini yelkasi osha chopdilar…
- Ingradimi?
– deb so‘radi Amir Temur.
- Yo‘q,
oh degan tovush ham chiqarmadi.
- Mening
o‘g‘lim ekan! Dedi hayajonlangan Amir Temur.
- Keyin…keyin
chap qo‘lini chopdiar, - dedi chol.
- Ingradimi?
- Yo‘q,
miq etmay chidadi.
- Mening
o‘g‘lim ekan! – dedi Amir Temur.
- So‘ng
yigitning o‘ng oyog‘ini chopdilar, - dedi chol, o‘sha dahshatli
qatl manzarasini ko‘z o‘ngiga keltirish niyatida ko‘zini yumgancha.
- Ingradimi?
- Yo‘q.
Chidadi, ko‘zudan bir tomchi yosh, bo‘g‘zidan bir un ham chiqmadi.
- Mening
o‘g‘lim ekan u! – dedi Amir Temur.
- Keyin
bechoraning chap oyog‘ini chopdilar, - deb hikoyasini davom etdi
chol hamon ko‘zini ochmay.
- Ingradimi?
– deb so‘radi sohibqiron.
- Yo‘q
ingramadi.
- Mening
o‘g‘lim ekan o‘sha yigit! Mening o‘g‘lim! – dedi Amir Temur ko‘zidagi
alam o‘rnini g‘urur egallab. – Keyinchi, keyin?..
- Keyinmi?..
– dedi chol mahzun ko‘zlarini ochib, sohibqironga tikilar ekan,
- keyin yigitning ko‘ksini tars yordilar-da, yuragini uzib oldilar!
- Ingradimi?
– dedi Amir Temur.
- Yo‘q,
ingramadi. Faqat… - cholning tovushi hayajondan bo‘g‘ilgandek bo‘ldi.
– Faqat yuragini uzib olganlari bilan, «Oh!» deb yubordi, - chol
ko‘zlaridan oqqan yoshlarni gulxan qoraytirgan yengi bilan artar
ekan.
- Yo‘q,
u mening o‘g‘lim emas ekan! – deb yubordi cholning so‘nggi so‘zini
eshitib o‘rnidan turib ketgan Amir Temur.
Davradagilar
Sohibqiron so‘zini eshitib, bir qalqib ketdilar. Amir Temur ularning
har birining ko‘ziga tikilmoqchi bo‘lgandek, davradagilarga bir
boshdan tikildi va o‘ziga boqib turgan cholga navbat yetganda yana
takrorkadi:
- Yo‘q,
u yigit mening o‘g‘lim emas!
Shu gapni
aytishi bilan sohibqironning ko‘z o‘ngini bir zum kumush yog‘du
to‘sdi. Kumush yog‘du aro chayqalgan belanchakni ko‘rdi. Biroq,
belanchak bo‘sh edi. “O‘g‘lim!” – deya
tovushsiz o‘rtandi jahongir…
Sohibqiron
qal’ani
buzib tashlashni,
cholga bo‘lsa
nima tilasa o‘shani
berib, o‘zi
xohlagan manziliga yetkazib qo‘yishni
buyurdi.
O‘sha zahoti uning amri bajo keltirildi. Temir tog‘i erib, yana
qal’a tomonga oqdi va bir pasda qal’adan nom-nishon qolmadi. Ertasi
kuni bu simobiy oqim daryo yoqalab mag‘rib tomonga oqdi. Nima’lumlikdan
sarosimada qolib oromni unutgan olisdagi shaharu qishloqlar bu temir
oqim ularning qay birlari tomon burilishini bilmay, vahima bilan
ko‘tardilar. Noma’lumlik sarhadi kamaygan sayin bu temir oqim ularga
shunchalik yaqinroq kelardi. Bu temir oqim chetlab o‘tgan qishloqlaru
kentlarda bir pasda talvasa o‘rnini farog‘at, qo‘rquv o‘rnini xotirjamlik
egallardi. Kelinchaklar yig‘ishtirilgan belanchaklarini yana daraxtga
ilardilar, yana alla aytib bolalarini uxlatib, dalaga hosil yig‘ish
bilan ovora erlari uchun ovqat tayyorlashga urinishar, ayrim
uddaburonlari shu orada o‘sma ezib, qoshlariga surish uchun ham
vat topardilar.
Chol esa Sohibqirondan
hech nima so‘ramadi. U devorlari buzilib, yer bilan tekislangan
qal’a atrofini tark etmadi.Bir necha kundan so‘ng Amir Temur to‘satdan
cholni eslab, sur |